Nvidia aksiyalari rekord darajaga yetib, kapitalizatsiyasi 3,6 trillion dollardan oshdi
Sun’iy intellekt uchun chiplar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasi kapitalizatsiyasi 3,6 trillion dollardan oshgan ilk kompaniya bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich Donald Trampning saylovdagi g‘alabasidan keyin, investorlar orasida optimizm ortishi sababli qayd etildi, deb xabar beradi Reuters.
Nvidia aksiyalari 2,2% ga oshib, savdo yopilishiga kelib kompaniya kapitalizatsiyasi 3,65 trillion dollarga yetdi. Shu tariqa Nvidia o‘sha paytdagi kapitalizatsiyasi 3,44 trillion dollar bo‘lgan Apple kompaniyasidan qimmatroq bo‘ldi.
Aksiyalar o‘sishi yangi ma’muriyat davrida soliqlarni pasaytirish va nazoratni yumshatish kutilayotgani bilan bog‘liq. Joriy yilda kompaniya aksiyalari uch karra qimmatlashdi, noyabr oyida esa ular yana 12% ga oshdi. Bu Nvidia’ni Walmart, JPMorgan, Visa va Netflix kabi gigantlardan ham yuqori kapitalizatsiyaga ega kompaniyaga aylantirdi.
Analitiklar yaqin kelajakda kompaniyaning rekord moliyaviy natijalar ko‘rsatishini prognoz qilmoqdalar. Uning choraklik daromadi 80% dan ko‘proqqa oshib, taxminan 33 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Nvidia 20-noyabr kuni moliyaviy hisobotini e’lon qiladi va u ehtimol ijobiy prognozlarni tasdiqlashi mumkin.