Tatariston rahbari Qoraqalpog‘iston turizm vaziri bilan uchrashdi
Qozonda dunyoning 40 ga yaqin mamlakatidan ijodiy jamoalarni o‘zida jamlagan “Sharq bozori” turkiy va sharq xalqlari xalqaro festivali yakuniga yetdi. Tadbir doirasida Tatariston Respublikasi rahbari Rustam Minnixanov Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Minnixanov bunday tadbirlarning xalqlar o‘rtasidagi madaniy va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidladi. U qoraqalpoq delegatsiyasining tashrifi mamlakatlar va hududlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan hamkorlikni kuchaytirish muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi turizm vaziri Rasul Zariqayev samimiy qabul uchun tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirib, festivalning yuqori darajada tashkil etilganini e’tirof etdi. U madaniy sohadagi samarali hamkorlik davom ettirilishiga umid bildirdi.
Festival turkiy va sharq xalqlari madaniy xilma-xilligini namoyish etish, ularning o‘zaro tushunishini chuqurlashtirish va do‘stona munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladigan maydonga aylandi.