O‘zbekiston Senati yangi Suv kodeksini ma’qulladi
17 март

O‘zbekiston Senati yangi Suv kodeksini ma’qulladi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati mamlakat suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan ‘O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi.

Yangi Suv kodeksi suv munosabatlari sohasidagi asosiy huquqiy hujjatlarni tizimlashtiradi va bir qator asosiy vazifalarni hal etishga qaratilgan:

  • • Suv resurslaridan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlash;
  • • Suv munosabatlarini tartibga solish sohasida davlat organlarining vakolatlari, vazifalari va funksiyalarini aniqlashtirish, takrorlanishlarni bartaraf etish;
  • • suv resurslarini boshqarishda DXSH mexanizmlarini joriy etish shartlarini belgilash;
  • • Suv yetkazib beruvchilar va iste’molchilar mas’uliyatini oshirish;
  • • Suv munosabatlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
  • • Mamlakatning suv xavfsizligiga erishish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va atrof-muhitning suvga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, suv tanqisligi sharoitida suv infratuzilmasi va sug‘oriladigan yerlarning holatini yaxshilash;
  • • Xalqaro suv huquqi normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish.

Suv kodeksining qabul qilinishi suv xo‘jaligini uzoq muddatli rivojlantirish, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishni rag‘batlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va sohani texnologik modernizatsiya qilishning huquqiy asoslarini yaratadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar natijasida suv iste’moli 1990-yillardagi 64 mlrd kub metrdan hozirgi kunda 51 mlrd kub metrgacha qisqardi. Biroq, senatorlar ta’kidlaganidek, tub o‘zgarishlar va mamlakatni rivojlantirishning yangi strategiyasi suv qonunchiligini qayta ko‘rib chiqish zaruratini keltirib chiqardi.