“Yangi Toshkent” 122 gektarga kengaymoqda
17 март

“Yangi Toshkent” 122 gektarga kengaymoqda

Toshkent viloyati hokimligi “Yangi Toshkent” qurilish direksiyasiga loyihani amalga oshirish uchun yana 122,3 gektar yer maydonini doimiy foydalanishga topshirdi. Viloyat hokimi Zair Mirzayevning tegishli qarori Lex.uz bazasida e’lon qilindi.

Yer uchastkalari “Bardanko‘l” mahallasi (75,22 ga) va “Do‘stlik” mahallasi (47,1 ga) hududida joylashgan. Kadastr palatasi boshqarmasiga zarur hujjatlarni rasmiylashtirish vazifasi yuklandi. Loyiha direksiyasi yangi hududlardan tasdiqlangan rejalarga muvofiq foydalanishi shart.

Toshkent viloyati ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda “Yangi Toshkent” direksiyasiga jami 220 gektardan ortiq yer maydoni berilgan.

"Yangi Toshkent‘ni barpo etish — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlanган keng ko‘lamli loyihadir. Universitetlar shaharchalari, kutubxona, Milliy teatr va boshqa inshootlarni o‘z ichiga olgan qurilishning birinchi bosqichi 2024-yil aprel oyida boshlandi. Buyuk Britaniyaning “Cross Works” kompaniyasi rahbarligidagi xalqaro konsorsium tomonidan ishlab chiqilgan loyihaning bosh rejasi turar-joy va tijorat hududlari, jamoat joylari, yashil maydonlar va uyg‘unlashgan suv tizimlarini yaratishni nazarda tutadi.

Davlat rahbarining aytishicha, “Yangi Toshkent” g‘oyasi 3-4 yil davomida shakllantirilgan. Loyiha direksiyasi arxitektura bo‘limi boshlig‘i Jahongir Anvarov birinchi uchastkadagi ishlarni yakunlash muddatini 6-10 yil deb baholamoqda.