
O‘zbekiston amaldorlarining xorijiy xizmat avtomobillari sotuvi boshlandi
O‘zbekistonda davlat tashkilotlariga tegishli chet elda ishlab chiqarilgan xizmat avtomobillari E-auksion elektron kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Bu amaldorlarning mahalliy avtomobillarga o‘tishi doirasida amalga oshirilmoqda.
Kimoshdi savdosidagi lotlar orasida prezident ma’muriyati avtoparkidan Cadillac (boshlang‘ich narxi 246 million so‘m) va ilgari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga tegishli bo‘lgan Toyota Land Cruiser (boshlang‘ich narxi taxminan 471 million so‘m) mavjud.
5-mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaldorlarni milliy ishlab chiqarilgan avtomobil va mebellardan foydalanishga o‘tkazish, shuningdek, xizmat transportidan foydalanishni kamaytirish zarurligini ta’kidladi. Ushbu bayonotdan so‘ng, mansabdor shaxslar xorijiy xizmat mashinalarini o‘zbek avtomobillariga almashtira boshladilar.
Xususan, Bosh vazir Abdulla Aripov xizmat Mercedes-Benz’ini Chevrolet Malibu’ga, Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov va Senat raisi Tanzila Narbayeva Chevrolet Tahoe’ga, bosh vazir o‘rinbosarlari Malibu’ga, hokimlar esa Tahoe va Traverse rusumli avtomobillarga almashtirishdi.