
AQSHda parranda grippidan birinchi o‘lim holati qayd etildi
Luiziana shtatida H5N1 parranda grippidan insonning ilk o‘lim holati ro‘yxatga olingan. Bu haqda mahalliy sog‘liqni saqlash departamenti ma’lum qildi. Kasalxonada davolanayotgan 65 yoshdan katta erkak kishi virus qurboni bo‘ldi.
Qush grippi A turdagi gripp virusi shtammlari keltirib chiqaradigan yuqumli kasallikdir. Yovvoyi qushlar ko‘pincha virusni alomatlarsiz o‘tkazsa-da, u uy parrandalarida jiddiy kasalliklarni keltirib chiqarishi va ayrim hollarda insonga ham yuqishi mumkin.
Departament mutaxassislari H5N1 virusi bilan kasallanish xavfini kamaytirish uchun yovvoyi qushlar va ehtimoliy zararlangan hayvonlar bilan aloqaga kirishmaslik muhimligini ta’kidladilar.
AQSHda parranda grippining birinchi holati 2022-yilda Janubiy Karolinada, keyinchalik esa Kaliforniyada yovvoyi qushlarda aniqlangan edi. 2024-yilga kelib virus nafaqat qushlar orasida, balki Texas va Kanzasdagi sigirlar orasida ham topildi. Hozirgi vaqtda mamlakatning 10 ta shtatida odamlar orasida virusning 66 ta yuqish holati tasdiqlangan.