
Wildberries O‘zbekiston byudjetiga milliardlab so‘m qo‘shimcha soliq to‘ladi
Rossiyaning Wildberries marketpleysi soliq tekshiruvi yakuniga ko‘ra O‘zbekiston byudjetiga 51,2 milliard so‘m (taxminan 4 million dollar) miqdorida qo‘shimcha soliq to‘lovini amalga oshirdi.
O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi mamlakatda elektron tijoratni qonuniylashtirish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilayotganini ma’lum qildi.
Tekshiruv natijasida Wildberries kompaniyasining (“RVB” MCHJ) O‘zbekistondagi faoliyati, ya’ni WB INT EXPORT MCHJ orqali amalga oshirilgan operatsiyalari 2022-2024 yillar davomida soliq qonunchiligi talablariga to‘liq javob bermaganligi aniqlandi.
Soliq auditi natijasida byudjetga qo‘shimcha soliq to‘lovlari kelib tushdi, shundan qo‘shilgan qiymat solig‘i 42,8 milliard so‘mni tashkil etdi.