“Rosatom” O‘zbekistonga kichik quvvatli reaktorlar qurishda ko‘maklashadi
11 февраль

“Rosatom” O‘zbekistonga kichik quvvatli reaktorlar qurishda ko‘maklashadi

O‘zbekistonda Prezident rahbarligida atom energetikasini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Muhokamaning asosiy mavzusi kichik quvvatli reaktorlar qurish loyihasi bo‘ldi.

Davlat rahbari Jizzax viloyatida qurilishi rejalashtirilgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasi uchun ham, butun atom sohasi uchun ham malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Xavfsizlikni MAGATE tomonidan o‘rnatilgan xalqaro standartlar darajasida ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

“O‘zatom” direktori Azim Axmedxodjayev loyihani amalga oshirish uchun xalqaro konsorsium tuzish rejalari haqida shunday dedi: “Biz ushbu loyihani imkon qadar samarali va eng ilg‘or texnologiyalar bilan amalga oshirish imkonini beradigan xalqaro konsorsium tuzamiz.”

“O‘zatom” rahbarining ta’kidlashicha, Rossiyaning MIFI universiteti Toshkent filialining yadro sohasi bo‘yicha 117 nafar bitiruvchisi allaqachon ish bilan ta’minlangan, malaka oshirmoqda va kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishda faol ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zatom” huzuridagi AES qurilishi boshqarmasi va “Rosatom” tarkibiga kiruvchi “Atomstroyeksport” Jizzax viloyatida (Tuzkon ko‘li yaqinida) kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurishga kelishib olgan edi. O‘tgan yilning may oyida imzolangan shartnoma har biri 55 MVt quvvatga ega bo‘lgan oltita reaktordan iborat 330 MVt quvvatli stansiyani qurishni nazarda tutadi. Ishlarning asosiy qismini “Rosatom” Xitoy va Yevropa mamlakatlarining texnologiyalaridan, jumladan, quruq gradirnyalar, apparat majmualari va dasturiy ta’minotdan foydalangan holda amalga oshiradi.