Donald Tramp Oq uyga qaytmoqda
19 январь

Donald Tramp Oq uyga qaytmoqda

AQShning 47-prezidenti etib saylangan Donald Tramp 20-yanvar kuni Oq uyga qaytib, rasman lavozimiga kirishadi. CNN xabariga ko‘ra, inauguratsiya marosimi Vashingtonda kutilayotgan o‘ta past harorat sababli yopiq binoda o‘tkaziladi. Odatda tadbir Kapitoliy binosi oldida ochiq havoda o‘tkazilsa-da, bu yil an’ana o‘zgartirildi.

Marosimda amaldagi prezident Jo Bayden, vitse-prezident Kamala Xarris, shuningdek, mamlakatning sobiq rahbarlari Barak Obama, kichik Jorj Bush va Bill Klinton ishtirok etishi kutilmoqda. Xorijiy mehmonlar orasida Argentina prezidenti Xavyer Miley, Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni, Ekvador prezidenti Daniel Noboa, Xitoy rais o‘rinbosari Xan Chjen hamda Yevropa mamlakatlari parlamentlari vakillari alohida ajralib turadi.

Tantanali marosimdan so‘ng Tramp o‘z ma’muriyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilovchi bir nechta muhim farmonlarni imzolashni rejalashtirmoqda. OAV xabariga ko‘ra, yangi prezident immigratsiya islohoti, soliqlarni kamaytirish, import va eksport tariflarini tartibga solish, shuningdek, tashqi siyosiy vaziyatni, jumladan Ukraina va Yaqin Sharq masalalarini qayta ko‘rib chiqishga e’tibor qaratadi.