
AQShda mashhur TikTok ijtimoiy tarmog‘ining faoliyati taqiqlandi
AQSH hukumati qaroriga ko‘ra, Xitoyning ByteDance kompaniyasiga tegishli platforma milliy xavfsizlikka tahdid solgan. Bunga qadar, kompaniyaga taqiqdan qochish uchun ijtimoiy tarmoqni amerikalik egaga sotish taklif qilingan, ammo bu amalga oshmagan.
TikTok AQShdagi faoliyatini taqiq kuchga kirishidan oldin to‘xtatdi. Ilovani ochmoqchi bo‘lgan foydalanuvchilar uning mavjud emasligi haqidagi xabarni ko‘rishmoqda. Unda shunday deyilgan: “AQShda TikTokni taqiqlovchi qonun qabul qilindi. Afsuski, siz hozircha platformadan foydalana olmaysiz. Prezident Tramp bu muammoni hal qilish ustida ishlamoqda. Yangilanishlarni kuzatib boring.”
Ilgari, AQSH prezidenti etib saylangan Donald Tramp o‘z inauguratsiyasidan so‘ng TikTokka 90 kunlik muhlat berish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. “Men taqiqni 90 kunga uzaytiraman, shunda biz yechim topishga ulguramiz,” — dedi Tramp ABC News’ga bergan intervyusida. U, shuningdek, Oq uyga qaytishi bilanoq bu masala bilan shug‘ullanishini ta’kidladi.
TikTokni Amerika kompaniyasiga sotishni talab qiluvchi qonun loyihasi 2024-yil aprelida Kongress tomonidan qabul qilindi. Agar sotuv amalga oshirilmasa, ijtimoiy tarmoq AQSH hududida bloklanishi lozim. Hokimiyatning asosiy e’tirozi — Xitoy hukumatining Amerika fuqarolari ma’lumotlarini to‘plash va jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazish uchun TikTokdan foydalanishi mumkinligi.
Shu bilan birga, TikTok advokatlari Oliy suddagi tinglovlarda platformaning taqiqlanishi AQShdagi 170 milliondan ortiq foydalanuvchining so‘z erkinligini buzayotganini ta’kidlashdi. Kompaniyaning o‘zi Xitoy rasmiylari bilan hamkorlik qilish ayblovlarini rad etib, amerikalik foydalanuvchilarning barcha ma’lumotlari AQShda joylashgan serverlarda saqlanishini ta’kidlamoqda.
Ommaviy axborot vositalarida platformaning ehtimoliy xaridorlari sifatida milliarder Ilon Mask, AQShning sobiq moliya vaziri Stiven Mnuchin va tadbirkor Frenk Makkort nomlari tilga olingan. Biroq TikTok muzokaralar haqidagi mish-mishlarni “uydirma” deb atadi.
Ayni paytda, platforma foydalanuvchilari VPNdan foydalanish va ilovalar do‘koni hududini o‘zgartirish kabi taqiqni chetlab o‘tish usullarini ommaviy ravishda muhokama qilmoqdalar. Biroq, bu texnik qiyinchiliklar tug‘dirishi va foydalanuvchi kelishuvlari shartlarini buzishi mumkin.