
Olimlar mega qurg‘oqchilik davrini bashorat qilmoqda
Global iqlim o‘zgarishi Yer yuzini yangi xavf — yarim asrdan so‘ng favqulodda vaziyatga olib kelishi mumkin bo‘lgan mega qurg‘oqchilikka ro‘baro‘ qilmoqda. Shveysariya instituti olimlarining ma’lumotlariga ko‘ra, uzoq davom etadigan va holdan toydiradigan qurg‘oqchilik davrlarining soni tez sur’atlarda ortib bormoqda, bu esa ekotizimlar va millionlab odamlar hayotiga tahdid solmoqda.
Statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, har yili qurg‘oqchilik besh million gektarga yaqin yerga ta’sir qilib, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari va tabiiy ekosistemalarga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazmoqda. Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, muammo ko‘lami yanada kuchayib boradi.
Ilmiy guruh 1980-yildan 2018-yilgacha bo‘lgan qurg‘oqchiliklarni keng ko‘lamli xaritalashtirdi. Ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilishning innovatsion texnologiyalaridan foydalangan holda olimlar nafaqat qurg‘oqchil hududlar geografiyasini, balki ularning jiddiylik darajasini ham qayd etishga erishdilar. Olingan natijalar qurg‘oqchilikning davomiyligi va kuchliligi ortib borish tendensiyasi tobora yaqqol ko‘zga tashlanayotganini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, mega qurg‘oqchilik xavfi odatiy turmush tarzini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Yog‘ingarchilik yetishmasligi qishloq xo‘jaligida global o‘zgarishlarga, ichimlik suvidan foydalanish muammosining kuchayishiga va ta’sirlangan hududlardan aholining ommaviy ko‘chib ketishiga olib keladi.