
Yevropa Ittifoqi Xitoy elektromobillariga boj joriy etish to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi
Yevropa Ittifoqi 30 oktyabrdan boshlab Xitoydan keladigan elektromobillarga qo‘shimcha bojlar joriy etdi. Yevropa Ittifoqi Xitoydan keltirilayotgan elektromobillarga 35,3 foizgacha qo‘shimcha boj joriy etish to‘g‘risidagi qarorini rasman e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, mazkur qaror 30 oktyabrdan kuchga kirib, keyingi besh yil davomida amal qiladi. Shu bilan birga, Bryussel ushbu masala yuzasidan Pekin bilan o‘zaro yechim izlashni davom ettirishini ta’kidlamoqda.
Yevrokomissiya matbuot xabarida aytilishicha, BYD kompaniyasining elektromobillariga 17 foiz, Geely’ga 18,8 foiz, SAIC’ga 35,3 foiz miqdorida boj belgilangan. Yevropa Komissiyasi bilan hamkorlik qilayotgan boshqa kompaniyalarning avtomobillariga esa 20,7 foiz miqdorida boj solinadi.
Biroq, shunday yuqori stavkalarga qaramasdan, yevropaliklar Xitoy avtomobillarini xarid qilishni afzal ko‘rishmoqda. Tesla 3 bilan taqqoslanadigan narxlarga qaramay, g‘arbliklar BYD Seal rusumli avtomobilni sotib olishni ma’qul ko‘rishmoqda.
Xaridorlar uning dizayni, sifati va texnik yechimlari amerikalik elektromobil ishlab chiqaruvchisinikidan ancha ustun ekanligini e’tirof etishmoqda.