Rossiyalik ekspertlar O‘zbekistonga davlat moliyasi sohasini rivojlantirishda yordam beradi
22 апрель

Rossiyalik ekspertlar O‘zbekistonga davlat moliyasi sohasini rivojlantirishda yordam beradi

Rossiya Moliya vazirligi va Moliyaviy ilmiy tadqiqotlar instituti (MITI) davlat moliyasini boshqarish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekistonga o‘z mutaxassislarini yubordi. 22-26 aprel kunlari davomida tomonlar tajriba almashib, soliq va bojxona boshqaruvi, ijtimoiy sohani rivojlantirish hamda byudjet jarayonlarini takomillashtirish kabi muhim masalalarni muhokama qiladilar.

Mazkur dastur Rossiya va O‘zbekiston moliya vazirliklari o‘rtasidagi kelishuv asosida amalga oshirilmoqda va ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan.

"Davlat moliyasi sohasidagi idoralararo hamkorlik dasturimizning ikkinchi yili faol bosqichda. 2024-yil yakuniga ko‘ra, bir qator yo‘nalishlarda sezilarli natijalarga erishdik... O‘zbekiston Moliya vazirligidagi hamkasblarimiz hamkorlikni davom ettirishga tayyorliklarini bildirdilar va joriy yil uchun rejalar allaqachon kelishib olindi. Bundan tashqari, shu hafta davomida MITI va BSITI o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashni rejalashtirmoqdamiz. Bu esa o‘zaro hamkorligimizni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi," - dedi Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi MITI direktori Vladimir Nazarov.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda rossiyalik mutaxassislar O‘zbekistonga bojxona boshqaruvi, maktablarda tashabbuskor budjetlashtirishni joriy etish, byudjet ma’lumotlarining shaffofligini oshirish, aksiz solig‘ini takomillashtirish va davlat xaridlarida faktoringni qo‘llash bo‘yicha maslahatlar bergan edi.