O‘zbekiston adliya vaziri MDH Adliya vazirlari kengashiga raisligi uchun Faxriy yorliq bilan taqdirlandi
19 октябрь

O‘zbekiston adliya vaziri MDH Adliya vazirlari kengashiga raisligi uchun Faxriy yorliq bilan taqdirlandi

Toshkentda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar Adliya vazirlari kengashining 18-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish qatnashchilari O‘zbekiston rahbarligida olib borilgan ko‘p qirrali ishlarning yakunini sarhisob qildilar, hamkorlikdagi faoliyat natijalarini tahlil etdilar, shuningdek, ilgari qabul qilingan qarorlarning ijro jarayonini ko‘rib chiqdilar. 2027-yilning MDHda “Huquqiy ma’rifat yili” deb e’lon qilinishi Kengash faoliyatining muhim natijalaridan biri ekani ta’kidlandi.

Toshkentdagi yig‘ilish qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilish uchun navbatdagi imkoniyat bo‘ldi, Kengash a’zolari keng qamrovli masalalarni, jumladan, yoshlarni huquqiy tarbiyalash, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati sifatini oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Kengash raisi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Tashkulov Hamdo‘stlik hududida xalqaro huquqiy hamkorlik rivojlanishining ijobiy dinamikasini va MDHga a’zo davlatlar Adliya vazirlari kengashining bu jarayonga qo‘shayotgan muhim hissasini ta’kidladi.

Kengashning joriy kun tartibida xalqaro huquqiy yordamni raqamlashtirish masalasi, xususan, MDHga a’zo davlatlar adliya vazirliklari o‘rtasida axborot almashishning yagona elektron tizimini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining tashabbusini ko‘rib chiqish ustuvor ahamiyat kasb etdi.

MDHga a’zo davlatlarning tayanch tashkiloti rahbari, Belarus notarial palatasi raisi Natalya Borisenko xalqaro yuridik yordam ko‘rsatish doirasida hamkorlik qilish uchun zarur bo‘lgan raqamli platformani yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish, shuningdek, MDHga a’zo davlatlar vakolatli organlari mansabdor shaxslarining elektron hujjatlari va elektron imzolarini tan olish muhimligini ta’kidladi.

Kengash a’zolari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar adliya vazirlari kengashining 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy tadbirlar rejasini tasdiqladilar. Reja 20 dan ortiq amaliy tadbirlarni, shu jumladan huquqiy hamkorlikning yangi sohalarini o‘z ichiga oladi.

MDH Bosh kotibi S.N. Lebedev nomidan va topshirig‘iga ko‘ra, MDH Ijroiya qo‘mitasining Faxriy yorlig‘i MDHga a’zo davlatlarning adliya va huquq sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorligini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan faol va samarali mehnati hamda salmoqli shaxsiy hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Tashkulovga topshirildi.