Shavkat Mirziyoyev Xitoy moliya vazirini qabul qildi
26 сентябрь

Shavkat Mirziyoyev Xitoy moliya vazirini qabul qildi

Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashi tadbirlari doirasida O‘zbekiston Prezidenti Xitoy moliya vaziri Lan Foan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Lan Foan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazib, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishning g‘oyat muhimligini ta’kidladi. Suhbat davomida so‘nggi yillarda strategik sheriklikning yangi bosqichiga ko‘tarilgan O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining turli jihatlari muhokama etildi.

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalasi bo‘ldi. Xususan, ikki mamlakat iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash va iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladigan yangi investitsiya dasturlarini ishlab chiqish haqida fikr almashildi. O‘zbekiston hududida yirik loyihalarni amalga oshirayotgan Xitoyning yetakchi bank va moliya institutlari bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.

Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun