O‘zbekiston va Rossiya yadroviy loyihasi kengaymoqda: nimalar ma’lum?
Rossiya O‘zbekistonda 2 GVt quvvatli yirik atom elektr stansiyasi (AES) va 110 MVt quvvatli kichik quvvatli stansiya (KQAES) qurishi haqida Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining o‘rinbosari Aleksandr Novak Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida (PXIF-2025) ma’lum qildi.
Novakning aytishicha, O‘zbekistondagi KQAES loyihasi Rossiya uchun quruqlikda quriladigan birinchi loyiha bo‘lib, bu uni "namuna" qiladi. Kichik stansiyaning birinchi blokini 2029-yil oxirigacha ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Ilgari, 2024-yil may oyida "O‘zatom" va "Rosatom" 330 MVt quvvatga ega KQAES qurilishi bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. Shunday qilib, Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari tomonidan e’lon qilingan loyiha katta va kichik atom elektr stansiyalarini o‘z ichiga olgan hamkorlikning qayta ko‘rib chiqilgan variantidir.
O‘zbekistonning rasmiy idoralari, jumladan "O‘zatom" Atom energiyasi agentligi hozircha Aleksandr Novakning bayonotiga izoh bermadi.
O‘zbekistondagi loyiha "Rosatom"ning xalqaro ishtirokini kengaytirish bo‘yicha umumiy strategiyasiga mos keladi. "Rosatom" bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Kirill Komarov ta’kidlaganidek, davlat korporatsiyasi mintaqada o‘z texnologiyalariga talab ortib borayotganini kuzatmoqda. O‘zbekistondagi loyihadan tashqari, "Rosatom" Qozog‘istondagi birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha konsorsium yetakchisi sifatida ham tan olingan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston rasmiylari, jumladan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi ortib borayotgani sharoitida energetik barqarorlikni ta’minlash uchun mamlakatda yirik yadro reaktorlarini qurish zarurligini ta’kidlagan edi.