
Oltin yangi tarixiy rekordni qayd etdi
Oltin narxi 18-mart dushanba kuni Yaqin Sharqdagi mojaroning avj olishi va AQSH iqtisodiyotining sekinlashuvi haqidagi xavotirlar kuchayishi fonida tarixiy yuqori cho‘qqiga ko‘tarildi. Isroilning G‘azo sektoridagi HAMAS obyektlariga zarbalari beqarorlik davrlarida sarmoyadorlar tomonidan xavfsiz aktiv sifatida foydalaniladigan oltinga bo‘lgan talabni oshirdi.
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent vaqti bilan soat 12:19 da oltinning spot narxi bir unsiya uchun 3018,97 dollargacha (+0,6 foiz) ko‘tarildi, aprel fyucherslari esa 3026 dollargacha (+0,66 foiz) qimmatlashdi. Yil boshidan beri metallning qiymati 14 foizga oshdi.
O‘zbekistonda 2025-yil 18-martda og‘irligi 10 gramm bo‘lgan qimmatbaho metall quyma narxi 12,8 mln so‘mgacha, 20 grammligi esa 25,7 mln so‘mgacha ko‘tarildi.
Geosiyosiy keskinlikdan tashqari, oltin narxining oshishi AQShda iste’molchi kayfiyatining pasayishi va Donald Tramp ma’muriyati tomonidan import bojlari joriy etilishi natijasida yangi savdo urushi boshlanishi xavfi bilan bog‘lanmoqda.
Ushbu omillar ta’sirida yirik investitsiya banklari oltin narxlari bo‘yicha bashoratlarini qayta ko‘rib chiqdilar. UBS yil oxirigacha bir unsiya uchun 3200 dollar, Macquarie ikkinchi chorakda 3500 dollar, BNP Paribas esa o‘rtacha narx 3000 dollardan yuqori bo‘lishini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil yanvar oyi yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki zaxiralarini 8 tonnaga oshirib, dunyodagi oltinning asosiy xaridoriga aylandi. Markaziy bank zaxiralari deyarli 391 tonnaga yetdi, bu mamlakat umumiy zaxiralarining 82 foizini tashkil etadi.