O‘zbekiston Yevropa Ittifoqidan sun’iy yo‘ldosh internetini oladi
19 март

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqidan sun’iy yo‘ldosh internetini oladi

O‘zbekiston Markaziy Osiyo uchun Yevropa sun’iy yo‘ldosh internet dasturi (TEI Digital Connectivity) doirasida ikkita kelishuvni imzoladi. Bu dastur raqamli infratuzilmani rivojlantirish va mintaqani integratsiyalashga qaratilgan.

Imzolash marosimi Toshkentda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha yevrokomissar Yozef Sikela ishtirokida o‘tkazildi. Loyihada sun’iy yo‘ldosh aloqasi provayderi SES, Expertise France agentligi va Yevropa investitsiya banki qatnashmoqda. Tomonlar IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish masalalarini ham muhokama qildilar.

“Markaziy Osiyo uchun aloqa” (C4CA) nomli birinchi loyiha raqamli infratuzilmani yaxshilash va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Ikkinchisi — “Chekka hududlar aholisi uchun sun’iy yo‘ldosh orqali bog‘lanish” deb nomlangan bo‘lib, u qishloq va uzoq aholi punktlariga yuqori tezlikdagi internet ulanishini ta’minlab, ta’lim, tibbiyot va iqtisodiyot sohalarida yangi imkoniyatlar yaratadi.

Yevropa Ittifoqi granti va YeIB krediti yordamida SES kompaniyasi Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning chekka hududlarini internetga ulash uchun sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari va yer usti terminallarini o‘rnatadi,” — dedi Yozef Sikela.

O‘zbekistonda mintaqaviy sun’iy yo‘ldosh shlyuzining joylashtirilishi mamlakatning qo‘shni davlatlar raqamli aloqasidan mustaqilligini ta’minlaydi, shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikiston uchun markaz bo‘lish imkonini beradi. Shlyuzni yaratish asosiy loyihaga kirmagan qo‘shimcha xarajatlarni talab qilsa-da, u “to‘liq mustaqillik afzalliklarini” ta’minlaydi.