Litiy-ion akkumulyatorlar ishlab chiqarishda Yevropa yetakchisi bankrotlik e’lon qildi
Yevropada elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lgan Shvetsiyaning Northvolt kompaniyasi AQShda 11-bob bo‘yicha bankrotlikdan himoyalanish to‘g‘risida ariza topshirdi. Bu voqea Yevropa Ittifoqining elektrlashtirish va Xitoy ishlab chiqaruvchilaridan mustaqil bo‘lish borasidagi intilishlariga jiddiy zarba bo‘ldi.
Northvolt bosh direktori Peter Karlsson bankrotlik e’lon qilinganidan bir kun o‘tgach iste’foga chiqdi. Kompaniya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million dollar miqdoridagi moliyalashtirish paketini olganiga qaramay, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qoldi. Karlssonning aytishicha, Northvolt barqarorlikka erishish uchun yana 1-1,2 milliard dollar mablag‘ga muhtoj.
Bir paytlar Northvolt Yevropa akkumulyator sanoatida Tesla va Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlashuvchi asosiy o‘yinchi sifatida qaralgan edi. Kompaniya Volkswagen kabi avtomobil gigantlari bilan yirik shartnomalar tuzgan va innovatsion litiy-ion, natriy-ion hamda litiy-metall akkumulyatorlarni ishlab chiqargan.
Reuters nashrining ta’kidlashicha, Northvoltning inqirozi bilan Yevropa Ittifoqining Xitoydan mustaqil elektromobil sanoatini yaratish haqidagi orzulari ham puchga chiqmoqda.