
Avstraliyalik olimlar demensiyani erta bosqichlarda to‘xtata oladigan dori vositasini ishlab chiqishdi
Avstraliyaning Filamon Limited biotexnologiya kompaniyasi demensiyani yengishga qodir yangi avlod dori vositasini yaratganini e’lon qildi. Olimlarning ta’kidlashicha, ALPHA-003 deb nomlangan dori miya hujayralarini himoya qiladi va ularning degradatsiyasini oldini oladi, bu esa Alsgeymer kasalligi va peshona-chakka demensiyasi kabi og‘ir kasalliklarni davolashga umid beradi.
“Ko‘pchilik demensiya shakllarining asosiy muammosi mikronaychalar deb nomlanuvchi miya hujayralarining asosiy tarkibiy qismlarining buzilishi hisoblanadi. Bu uzun kovak naylar miyaning sog‘lom ishlashi uchun juda muhimdir. Demensiyada ular tanazzulga uchraydi, bu esa miya hujayralarining o‘limiga olib keladi,” — deb tushuntirdi G‘arbiy Sidney universiteti onkologiya professori va Filamon kompaniyasi asoschisi Kiran Skott.
Ishlab chiquvchilar ALPHA-003 mikronaychalarni barqarorlashtiradigan va ularni shikastlanishdan himoya qiladigan birinchi dori bo‘lishiga ishonishadi. Preparatni odamlarda sinovdan o‘tkazish 2026-yilda boshlanishi rejalashtirilgan.
Agar ALPHA-003 ning samaradorligi tasdiqlansa, bu demensiyani davolashda inqilob bo‘ladi va butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarning hayotini o‘zgartirishi mumkin.