
Toshkentda Xalqaro zargarlik yarmarkasi bo‘lib o‘tadi
2025-yil 23-25 may kunlari poytaxtimizda "Uzbek Jewellery Fair-2025" nufuzli xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Tadbir "CAEx Uzbekistan" ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tadi va uning maqsadi mahalliy aholi va xorijiy sayyohlarni boy madaniy meros, an’anaviy hunarmandchilik va o‘zbek zargarlik san’atining zamonaviy yutuqlari bilan tanishtirishdan iborat.
"Uzbek Jewellery Fair-2025" doirasida tadbirlarga boy dastur rejalashtirilgan. Tashrif buyuruvchilar zargarlikda qo‘llaniladigan zamonaviy uskunalar va texnologiyalar namoyishini ko‘rishlari, shuningdek, yetakchi ustalarning yuqori sifatli mahsulotlari bilan tanishishlari mumkin. Bundan tashqari, ko‘rgazma dasturidan xalqaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan rasmiy uchrashuvlar, yalpi majlislar va soha mutaxassislari ishtirokidagi panel munozaralari o‘rin olgan.
Ko‘rgazmada nafaqat O‘zbekiston, balki Germaniya, Italiya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Ozarbayjon, Armaniston, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarning 70 dan ortiq yetakchi korxonalari ishtirok etishi kutilmoqda.