
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon energetika sohasida kelishuv imzolaydi
Bu haqda Ozarbayjon energetika vaziri Pavriz Shahbozov ma’lum qildi. Uning aytishicha, uch tomonlama kelishuv noyabr oyida o‘tkaziladigan COP29 uchrashuvida qabul qilinadi.
Shahbozov Ozarbayjon Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yangi energetika yo‘lagining asosiy bo‘g‘iniga aylanishini ta’kidladi.
Vazir, shuningdek, hozirda Kaspiy-Qora dengiz-Yevropa yo‘nalishi bo‘yicha ‘Yashil energetika yo‘lagi“ni Markaziy Osiyoga ulash imkoniyati muhokama qilinayotganini bildirdi.
“Kelishuv loyihasi tomonlarning Yevropa va boshqa hududlarga ekologik toza energiya yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishga intilishini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, energiya samaradorligi va energiyani tejash sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda xizmatlarni kengaytirish rejalashtirilgan,” — dedi Shahbozov.
Kelishuv nomuayyan muddatga amal qiladi.
Ilgari, 2024-yil 1-may kuni uch davlat energetika vazirlari Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida uch respublika energetika tizimlarini birlashtirish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolagan edi.