
Business Insider 2024-yilning eng ko‘p boylik yo‘qotgan milliarderlari ro‘yxatini e’lon qildi
Business Insider nashri 2024-yilda milliarderlar orasidagi eng katta moliyaviy yo‘qotishlar reytingini e’lon qildi. Dunyodagi eng boy odamlar - Ilon Mask, Mark Sukerberg va Jensen Xuangning mavqeyi o‘zgarmagan bo‘lsa-da, boshqa tadbirkorlar sezilarli darajada zarar ko‘rishdi.
LVMH kompaniyasining bosh direktori Bernard Arno hashamatli tovarlar bozoridagi inqiroz tufayli 31 milliard dollar yo‘qotdi. L’Oréal merosxo‘ri Fransua Bettankur-Mayers kompaniya aksiyalari yil boshidan beri 26 foizga tushgani sababli 25 milliard dollar boyligidan ayrildi. Meksikalik milliarder Karlos Slim telekommunikatsiya giganti Amóvil aksiyalari qiymatining pasayishi oqibatida 23 milliard dollar yo‘qotdi.
Xitoyning Temu marketpleysi asoschisi Kolin Xuan kompaniya aksiyalari 30 foizga qulashi natijasida 17 milliard dollar zarar ko‘rdi. Bu iste’molchilar kayfiyatining pasayishi bilan bog‘liq. Kering hashamatli guruhi asoschisi Fransua Pino esa Balenciaga, Gucci va Saint Laurent brendlarini o‘z ichiga olgan konglomeratning qiymati yil boshidan beri 40 foizga pasayishi tufayli 14 milliard dollardan mahrum bo‘ldi.
2024-yildagi rekord darajadagi moliyaviy yo‘qotishlar hatto dunyoning eng boy odamlari ham iqtisodiy zarbalardan himoyalanmaganini yana bir bor ko‘rsatdi.