Plastik taxtachalar sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin
Olimlar oshxonada plastik taxtachalardan foydalanish organizmni mikroplastika ta’siriga duchor qilishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu esa sog‘liqqa jiddiy zarar yetkazishi, jumladan demensiya rivojlanish xavfini oshirishi mumkin.
Shimoliy Dakota universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, polietilen yoki polipropilendan yasalgan plastik taxtachalar har yili 79,4 million donagacha plastik mikrozarrachalarni ajratib chiqarishi mumkin ekan. Bu zarrachalar ovqatga, keyin esa organizmga tushib, qon va a’zolarni ifloslantiradi.
Sichqonlarda o‘tkazilgan tajribalar shuni ko‘rsatdiki, mikroplastika miyaga kirib, surunkali yallig‘lanish va hujayra shikastlanishiga olib kelishi mumkin. Bu esa demensiya kabi neyrodegenerativ kasalliklar xavfini oshiradi.
Mikroplastikaning organizmga tushishini kamaytirish uchun mutaxassislar plastik taxtachalar o‘rniga xavfsizroq va ekologik toza bo‘lgan yog‘och taxtachalardan foydalanishni tavsiya qilmoqdalar.
Ushbu tadqiqot kundalik buyumlarning sog‘liqqa ta’siridan xabardor bo‘lish zarurligini ta’kidlaydi va kundalik turmushda plastik mahsulotlardan foydalanishni yanada qattiqroq nazorat qilishga chaqiradi.