OpenAI o‘z brauzerini ishlab chiqishga kirishdi
ChatGPT yaratilishi bilan mashhur bo‘lgan OpenAI kompaniyasi Google Chrome’ga raqobatchi sifatida brauzerlar bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. The Information nashri xabar berishicha, OpenAI o‘zining suhbat-boti bilan integratsiyalashgan brauzer yaratish imkoniyatini o‘rganmoqda. Shuningdek, kompaniya turli saytlar, jumladan sayohat, oziq-ovqat, ko‘chmas mulk va savdo bilan bog‘liq platformalar uchun qidiruv funksiyalarini taqdim etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
OpenAI allaqachon ChatGPT Search qidiruv tizimini yaratgan bo‘lib, u ishonchli manbalardan olingan dolzarb ma’lumotlarni qayta ishlaydi va Chrome uchun kengaytma sifatida foydalanish mumkin. Biroq, o‘z brauzerini yaratish g‘oyasi hozircha muhokama bosqichida va bunday mahsulotni yaqin kelajakda ishga tushirish rejalashtirilmagan.
Bundan tashqari, OpenAI o‘z texnologiyalarini Google’ning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lgan Samsung qurilmalariga joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Ilgari kompaniya Apple bilan hamkorlik qilgan bo‘lib, unda OpenAI texnologiyalari yangi qurilmalardagi Apple Intelligence funksiyalari doirasida qo‘llanilmoqda.