
Apple o‘zining televizorini ishlab chiqishga yana qaytishi mumkin
Apple kompaniyasi o‘z televizorini yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg‘ning mashhur tahlilchisi Mark Gurman xabar berdi. Uning aytishicha, qurilma bir necha yildan so‘ng bozorga chiqishi mumkin, biroq uning taqdiri aqlli uy uchun mo‘ljallangan boshqa Apple mahsulotlarining muvaffaqiyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Bunday qurilmalardan biri kompaniya yaqin kelajakda ishlab chiqarishni rejalashtirayotgan aqlli displeylar hisoblanadi. Bu planshetlar aqlli uy tizimini, jumladan Apple Intelligence’ni boshqarish va boshqa qurilmalar bilan o‘zaro aloqada bo‘lish imkonini beradi. Displeyning premium versiyasi qo‘llash qulayligi uchun robotlashtirilgan qo‘l bilan jihozlanishi mumkin. Aynan shu gadjetlarning ommaviyligi televizorni ishlab chiqishda hal qiluvchi omil bo‘ladi.
Agar televizor yaratilsa, u Apple ekotizimiga to‘liq integratsiyalashgan bo‘lib, boshqa qurilmalar bilan uzluksiz aloqani ta’minlashi ehtimolga yaqin. Uning narxi premium segmentga mos kelishi kutilmoqda.
Bu kompaniyaning televizion bozorga kirib borish uchun birinchi urinishi emas. 2009-2011 yillarda Apple aqlli televizor ishlab chiqayotgani haqida mish-mishlar tarqalgan edi. O‘shanda hatto Stiv Jobsning o‘zi ham oddiy interfeysli mukammal qurilma formulasini topganini aytgan edi. Biroq loyiha amalga oshirilmay qolgan.