
Shavkat Mirziyoyev maslahatchi bilan investitsiyalar, JST va davlat xizmatini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Kecha, 19 mart kuni, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchi Suma Chakrabarti bilan uchrashdi. Tomonlar maslahatchining joriy yildagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar.
Asosiy e’tibor O‘zbekistonning investitsion salohiyatini oshirishga, jumladan “roud-shou” va Toshkent xalqaro investitsiya forumini o‘tkazishga qaratildi. Shuningdek, mamlakatning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash va davlat xizmatchilarining yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Toshkent xalqaro tijorat sudini ishga tushirish, mamlakatning xalqaro reytinglardagi mavqeyini mustahkamlash va iqtisodiy rivojlanish sohasida tadqiqotlar o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil yanvar oyida Prezident maslahatchisi Suma Chakrabartiga IT-kompaniyalar va eksportga yo‘naltirilgan startaplar uchun ekotizim yaratishga mo‘ljallangan “Enterprise Uzbekistan” raqamli texnologiyalar xalqaro markazi konsepsiyasi taqdim etilgan edi.
MA’LUMOT. Suma Chakrabarti 2020-yil sentyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. U sobiq Britaniya davlat xizmatchisi bo‘lib, ikki marta Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining prezidenti lavozimini egallagan. Iqtisodiyot, davlat boshqaruvi va xalqaro hamkorlik bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi.