
O‘zbekiston turkiy davlatlar bilan raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qarorni imzoladi. Hujjat TDTga a’zo davlatlar o‘rtasida elektron savdo va raqamli moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan.
Kelishuv 2024-yil noyabr oyida Bishkekda o‘tkazilgan TDT sammitida imzolangan. Uning asosiy qoidalari chegaralararo elektron savdoni soddalashtirish, raqamli to‘lov xizmatlarini joriy etish, shaxsiy ma’lumotlar himoyasini kuchaytirish va mintaqaviy raqamli infratuzilmani rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekistonda kelishuvni amalga oshirish uchun Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) mas’ul etib tayinlandi. Tashqi ishlar vazirligiga O‘zbekiston tomonidan ichki davlat tartib-qoidalari bajarilgani va ILMA mas’ul organ etib tayinlangani to‘g‘risida bitim depozitariyiga xabar berish topshirildi. Vazirlar Mahkamasi va tegishli idoralar bitim qoidalarining bajarilishini ta’minlaydi. Umumiy nazorat Bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, Bishkekdagi TDT sammitida Shavkat Mirziyoyev IT sohasida faol tajriba almashish, innovatsion ekotizimlarni rivojlantirish va raqamli infratuzilmani yaratishni nazarda tutuvchi “raqamli turkiy dunyo” konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgan edi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish va Turkiy investitsiya fondi faoliyatini jadallashtirish, hamda elektron savdo uchun umumiy platformalar yaratish masalasini o‘rganib chiqishga chaqirdi.