Toshkent "MDHning mehnat shuhrati shahri" unvoniga sazovor bo‘luvchi dastlabki shaharlardan biri bo‘lishi mumkin
MDH Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Hamdo‘stlik bosh kotibi ta’kidlaganidek, Toshkent va boshqa poytaxtlar MDHning "Mehnat shuhrati shahri" unvoniga birinchilardan bo‘lib sazovor bo‘lishi mumkin.
"Mehnat shuhrati shahri" yangi faxriy unvonini joriy etish tashabbusini Rossiya prezidenti Vladimir Putin ilgari surdi.
Ushbu unvon aholisi Ulug‘ Vatan urushida G‘alabaga erishishga salmoqli hissa qo‘shgan, shahar hududidagi korxonalarda harbiy va fuqarolik mahsulotlarini uzluksiz ishlab chiqarishni ta’minlagan hamda ommaviy mehnat qahramonligi va fidoyilikni namoyish etgan shaharlarga beriladi.
Unvon berish uchun 1941-1945-yillarda shahar aholisining hujjatlar bilan tasdiqlangan mehnat qahramonligi faktlari, korxonalarning Sovet Ittifoqi davlat mukofotlari bilan taqdirlangani yoki ularga SSSR Davlat Mudofaa Qo‘mitasining o‘tkinchi Qizil bayroqlari topshirilgani, shuningdek, korxona xodimlarining mehnat xizmatlari uchun Sovet Ittifoqi davlat mukofotlari bilan taqdirlangani asos bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 8-oktyabr kuni Moskvada Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.