O‘zbekistonlik harbiylar nufuzli xalqaro musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi
9 октябрь

O‘zbekistonlik harbiylar nufuzli xalqaro musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi

Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan nufuzli "Cambrian Patrol" xalqaro harbiy musobaqasida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Musobaqada o‘ttizdan ortiq davlat, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Hindiston, Germaniya, Latviya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Italiya va boshqa mamlakatlardan yuzdan ziyod jamoa ishtirok etdi.

Har bir jamoa kimyoviy va biologik xavflarga qarshi kurashish, hujum harakatlari va o‘tish qiyin bo‘lgan hududlarda yo‘nalishni aniqlash kabi jangovar vazifalarni bajarib, 80 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishi lozim edi.

O‘zbekiston jamoasi zararlangan hududlarda mohirona harakat qilib, jangovar holatlarda taktik mahoratini namoyish etib, 13 ta jamoa orasida birinchi o‘rinni egallab, o‘z guruhida ajralib turdi. Ular yetakchi jamoalar qatorida masofani yakunlab, umumiy hisobda kumush medalni qo‘lga kiritdi. Musobaqa davomida britaniyalik harbiy mutaxassislar o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik darajasini yuqori baholadilar.

"Cambrian Patrol" 1960-yillardan beri muntazam ravishda harbiy kontingentlarning haqiqiy jangovar vaziyatlardagi jangovar mahorati va chidamliligini sinash maqsadida o‘tkazib kelinmoqda. Ishtirokchi bo‘linmalar 80 kilometr masofani 48 soatdan kam vaqt ichida bosib o‘tib, ko‘plab harbiy manevrlar va qorovullik vazifalarini bajaradilar. Mashg‘ulotlar o‘tish qiyin bo‘lgan joylarda, xususan, Markaziy Uelsning tog‘lari va botqoqliklarida o‘tkaziladi.