Olimlar hayvonlar tilini tarjima qilish uchun sun’iy intellekt tizimini ishlab chiqmoqda
29 декабрь

Olimlar hayvonlar tilini tarjima qilish uchun sun’iy intellekt tizimini ishlab chiqmoqda

Tadqiqotchilar kelajakda hayvonlarning muloqot tillarini tushuna oladigan sun’iy intellekt tizimini yaratish ustida ish olib bormoqda. Axios.com saytining xabar berishicha, bu nafaqat tabiatni chuqurroq anglashga, balki hayvonlarga keng qamrovli huquqiy maqom berilishiga asos bo‘lishi kutilmoqda.

NatureLM deb nomlangan yangi tizim allaqachon hayvon turini, yoshini va hissiy holatini, jumladan, xavf-xatar yoki o‘yin signallarini aniqlay oladigan til modelidir.

Tizimni Earth Species Project notijorat tashkiloti ishlab chiqmoqda va u 17 million dollar miqdorida grant mablag‘larini jalb etgan. Loyiha inson tili, tabiat tovushlari va boshqa ma’lumotlarni tahlil qilishga asoslangan.

Kompaniya bosh direktori Keti Zakarian insoniyat biologik xilma-xillik inqirozi va tabiat bilan aloqaning yo‘qolishiga duch kelganini ta’kidladi. Uning fikricha, hayvonlar tilini tushunish bu aloqani tiklashga yordam beradi.

Olimlar ta’kidlashicha, hayvonlar tilini tarjima qilishning murakkabligi shundaki, ma’lum inson tillaridan farqli o‘laroq, hayvonlarning muloqot usullari va ular uzatadigan ma’nolar haqida cheklangan bilimga egamiz.