Prezident Yangi Toshkentda Milliy kutubxona va oliy o‘quv yurtlari kampuslari qurilishi bilan tanishdi
29 декабрь

Prezident Yangi Toshkentda Milliy kutubxona va oliy o‘quv yurtlari kampuslari qurilishi bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosi qurilayotgan maydonni, shuningdek, Toshkent davlat pedagogika universiteti va “Yangi O‘zbekiston” universiteti bo‘lajak kampuslarini borib ko‘rdi.

Milliy kutubxona 30 ming kvadrat metr maydonni egallagan to‘rt qavatli, milliy uslubdagi majmuadan iborat bo‘ladi. U bir vaqtning o‘zida 1420 kitobxonni qabul qila oladi. Kutubxona nashrlarni hisobga olish, zararsizlantirish va saqlash uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilar uchun kafe, galereya, sport maydonchalari va boshqa qulayliklar ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz zamonaviy texnologiyalarni mukammal egallagan yuqori malakali kutubxonachilarni tayyorlash muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida mamlakatning 14 ta hududida kutubxona filiallarini ochish bo‘yicha topshiriq berdi.

Yangi Toshkentda 40 gektar maydonni egallagan Toshkent davlat pedagogika universiteti kampusi qurilishi boshlandi. 20 ming talaba uchun o‘quv binolari, yotoqxonalar, maktablar, bolalar bog‘chalari, sport va madaniyat saroylari, shuningdek amfiteatr qurish rejalashtirilgan. Universitet “bolalar bog‘chasi — maktab — universitet” klaster tamoyili asosida faoliyat yuritadi.

“Yangi O‘zbekiston” universiteti uchun uch bosqichda quriladigan o‘quv majmuasini barpo etish rejalashtirilgan. Universitetdagi o‘quv dasturlari xalqaro o‘qituvchilar ishtirokida nemis standartlari asosida ishlab chiqilgan. Kelajakda kampus o‘quv binolari, kutubxona, muzey, sport majmuasi, yotoqxonalar va o‘qituvchilar uchun turar joylarni o‘z ichiga oladi.

Prezidentimiz bu ta’lim muassasalari yoshlarga qo‘yilgan muhim sarmoya va mamlakat taraqqiyotining kaliti ekanligini ta’kidladi.