O‘zbekistondagi ulkan simfonik musiqa festivali Verdining "Rekviyem‘i ijrosi bilan yakunlandi
O‘zbekiston davlat simfonik orkestrining o‘n yilligiga bag‘ishlangan muhtasham simfonik musiqa festivali 15-oktyabrdan 20-dekabrgacha Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Tadbirning cho‘qqisi Juzeppe Verdining ulkan "Rekviyem‘i bo‘lib, u O‘zbekistonda yilning eng yorqin musiqiy voqeasiga aylandi. Ko‘pchilik tomonidan Verdining yigirma yettinchi operasi deb ataladigan bu buyuk asarning ijro etilishi haqiqiy zafarga aylandi.
“Rekviyem” — bu yozuvchi Alessandro Mandzoni xotirasiga Juzeppe Verdi tomonidan yaratilgan motam messa. Kompozitor inson qayg‘usining butun chuqurligini ifoda etib, yorqin opera obrazlari, mohirona yakkaxon partiyalar va ulkan xorlarga boy asar yaratdi. Asarni ijro etish uchun 300 nafar musiqachi to‘plandi, ular orasida A.Navoiy nomidagi DABTning yetakchi solistlari, shuningdek, to‘rtta xor, jumladan O‘zbekiston davlat simfonik orkestri xori, Talabalar xori va Musiqali teatr-studiya xori bor edi.
Mandzoni xotirasiga yaratilgan “Rekviyem” qayg‘uni yengish va ichki tinchlikka erishishning o‘ziga xos ramziga aylandi. Asar opera obrazlari va kontrastlariga boy bo‘lib, bu uning ohangini bastakorning “Aida” va “Don Karlos” singari teatr asarlariga yaqinlashtiradi. Asar hissiy keskinlik va fojianing teranligini o‘zida mujassamlashtirib, tinglovchiga bu asarga befarq qolish mumkin emasligini uqtiradi.
Kamoliddin O‘rinboyev rahbarligida “Rekviyem” ajoyib mahorat bilan ijro etildi. Musiqani chuqur anglashi bilan tanilgan maestro asarni talqin qilishda hayratlanarli lahzalarni yaratdi. Dastlabki taktlardanoq u tinglovchilarni zulmatga cho‘mdirdi, asta-sekin fazoni yorug‘lik va uyg‘unlik bilan to‘ldirib bordi. Uning orkestr va xor bilan ishlash mahorati, kuch va nazokatni mohirona uyg‘unlashtirishi, ijroning nozikligi har bir tinglovchini har bir so‘z va notani yurakdan his qilishga undadi.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Katta zalida bo‘lib o‘tgan konsert unutilmas taassurot qoldirdi. Zal har bir akkordning ovozini o‘ziga singdirdi va asar yakunida so‘nggi akkordlar yangrab bo‘lgach, olqishlar tinmadi, tomoshabinlar esa o‘z hayratlarini izhor etish uchun o‘rinlaridan turishdi.