Air Samarkand aviakompaniyasi tijorat parvozlari boshlanganining bir yilligini nishonlamoqda
29 декабрь

Air Samarkand aviakompaniyasi tijorat parvozlari boshlanganining bir yilligini nishonlamoqda

2024-yil 29-dekabr kuni Air Samarkand aviakompaniyasi parvozlar boshlanganining birinchi yilligini nishonlaydi va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha reyslar sonini ko‘paytirishini e’lon qiladi.

O‘tgan yil davomida aviakompaniya bir nechta xalqaro yo‘nalishlarni ochdi, havo kemalari sonini uchtagacha ko‘paytirdi va umumiy 3956 soatlik 839 ta reysni amalga oshirdi.

Xuddi bir yil oldin yangi o‘zbek aviakompaniyasi Ekspluatant sertifikatini, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO)dan “UZS” maxsus kodini, shuningdek, “Samarkand” radio chaqiruvini oldi hamda Samarqanddan Istanbulga birinchi tijorat charter reysini amalga oshirdi.

Yillik bayrami kuni aviakompaniya Samarqanddan Jiddaga ikkita va Farg‘onadan bitta reys, shuningdek, Toshkentdan Madina va Fukuok oroliga parvozlarni amalga oshiradi.

Parvozlar boshlanganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan, aviakompaniya Vetnamdagi mashhur Fukuok kurortiga parvozlar sonini haftasiga uchtaga oshirganini ham e’lon qildi. Barcha reyslar Toshkent xalqaro aeroportidan soat 23:55 da jo‘nab, mahalliy vaqt bilan soat 10:50 da Fukuokka yetib keladi. Parvozlar 36 o‘rinli biznes va 277 o‘rinli ekonom klassga ega zamonaviy Airbus A330-300 samolyotida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Air Samarkand payshanba va shanba kunlari Toshkentdan Islomning Makkadan keyingi ikkinchi muqaddas shahri — Madinaga (Saudiya Arabistoni) yangi reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Madinada Muhammad payg‘ambar maqbarasi joylashgan Al-Masjid an-Nabavi masjidi bor.

Ushbu reyslar Air Samarkand 2024-yil iyul oyidan boshlab Samarqand, Termiz, Farg‘ona, Buxoro va Namangandan amalga oshirayotgan Jiddadagi mavjud yo‘nalishlarini to‘ldiradi.

Shunday qilib, faqat Makkaga borishni xohlovchi ziyoratchilar Jiddani tanlaydilar, chunki bu aeroportdan Makkagacha bo‘lgan yo‘l ancha qisqa. Biroq Islomning barcha muqaddas manbalariga tashrif buyurishni istagan ziyoratchilar Madinaga uchishni ma’qul ko‘radilar.

Aviakompaniya, shuningdek, Samarqanddan Istanbulga (Turkiya), Toshkent va Samarqanddan Sharm-ash-Shayxga (Misr) to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni, hamda juma kunlari Samarqand va Toshkent o‘rtasida ichki reyslarni amalga oshiradi.