Gender tenglik O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga yordam beradi
29 декабрь

Gender tenglik O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga yordam beradi

Gender tenglik kambag‘allikni bartaraf etishda, tengsizlikni kamaytirishda va ijtimoiy farovonlikni mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan FAO a’zo davlatlarni gender tenglik maqsadlariga erishishga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda, ayniqsa, ayollar ishchi kuchining salmoqli qismini tashkil etadigan qishloq xo‘jaligi sohasida faol qo‘llab-quvvatlamoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda GCP/UZB/020/GFF “O‘zbekistonning qurg‘oqchil yerlari ekotizimlarida o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” loyihasini amalga oshirmoqda. Ushbu loyiha doirasida “Hech kim ortda qolmasligi kerak” tamoyiliga asoslangan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga gender yondashuvlarni joriy etish strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi.

Hujjatni muvaffaqiyatli yakunlash va amalga oshirish uchun asosiy qoidalarni muhokama qilish va kelishish maqsadida davlat tuzilmalari, akademik doiralar vakillari va gender tengligi sohasidagi ekspertlarni jalb etish muhim edi. Shu munosabat bilan loyiha doirasida poytaxtda seminar tashkil etildi. Bu seminar muloqot, fikr almashish va hujjatni qabul qilish bo‘yicha amaliy qadamlarni belgilash uchun platforma vazifasini o‘tadi. Ta’kidlash joizki, yangi gender strategiyasi teng imkoniyatlarni ta’minlash, ayollarning qaror qabul qilishdagi ishtirokini oshirish va qishloq xo‘jaligi resurslarini barqaror boshqarishga qaratilgan. Resurslar, moliyalashtirish va ta’lim imkoniyatlaridan adolatli foydalanishni ta’minlash orqali mavjud gender to‘siqlarni kamaytirishga yordam beradigan mexanizmlarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi.

“2021 yilda Oliy Majlis Senati gender strategiyasini tasdiqladi. Unda har bir vazirlik va tashkilotga ushbu yo‘nalishda o‘z hujjatini ishlab chiqish taklif etildi. Qishloq xo‘jaligida gender strategiyasini ishlab chiqish nima uchun muhim? Bugungi kunda mamlakatimiz qishloq aholisi umumiy sonining 48 foizdan ortig‘ini tashkil etadi va ularning yarmidan ko‘prog‘i ayollardir. Qishloq joylarda yashash va mehnat sharoitlari og‘ir bo‘lishiga qaramay, ular aholini ekologik toza mahsulotlar bilan ta’minlashda faol ishtirok etmoqda. Gender strategiyasida, xususan, ayollar uchun ish o‘rinlari sifatini oshirish, shuningdek, ularning moliyaviy va huquqiy savodxonligini yaxshilash chora-tadbirlari nazarda tutilgan,” — deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Malika Qodirxonova ishlab chiqilayotgan hujjatning mazmun-mohiyati haqida so‘zlar ekan.

Ta’kidlash joizki, Strategiya loyihasi yetakchi milliy va xalqaro ekspertlar, jumladan, FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ofisi mutaxassislari ishtirokida tayyorlandi. “Gender jihatini hisobga olmasdan turib, barqaror rivojlanishga erishib bo‘lmaydi. Ma’lumki, qishloq xo‘jaligida ayollar muhim rol o‘ynaydi, ular ko‘pincha chorva mollarini boqish, hosilni yig‘ish va yerga ishlov berish bilan shug‘ullanadilar. Biroq, ularning huquq va imkoniyatlari ko‘pincha cheklangan, shuning uchun yaylovlarda yer egalarining huquqlarini kuchaytirish ongli ravishda amalga oshirilishi va ayollar hamda erkaklar uchun resurslardan teng foydalanishni ta’minlashni o‘z ichiga olishi kerak. Yer degradatsiyasi, tuproq eroziyasi kabi mavzularni muhokama qilish juda muhim, chunki bu omillar qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga va, binobarin, oziq-ovqat xavfsizligi uchun ayollar asosiy mas’ul bo‘lgan oilalarning iqtisodiy farovonligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Iqlim o‘zgarishi va yerlarning degradatsiyasi mavjud tengsizlikni kuchaytirmoqda va shu sababli ayollarga o‘zgarishlarga moslashish va yangi sharoitlarda muvaffaqiyatli ishlashga yordam beradigan vosita va mexanizmlarni ishlab chiqish zarur,” — dedi FAO loyihasining bosh texnik maslahatchisi Nariman Nishonov.

Tadbir doirasida tegishli tashkilot va idoralar vakillari uchun yana bir seminar tashkil etildi. Ishtirokchilar yaylovlarda yer egalarining huquqlarini kuchaytirishning ahamiyati, shuningdek, yerlarning neytral degradatsiyasi (LDN) ko‘rsatkichlari va tuproq eroziyasi, sho‘rlanish hamda tuproqdagi gumus (SOC) miqdorining pasayishi kabi degradatsiya omillarining ta’sirini muhokama qildilar. Seminarda yaylovlardan oqilona foydalanish, ularni monitoring qilish va boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan tadqiqotlar natijalari hamda O‘zbekistonda yaylovlarni raqamlashtirishga bag‘ishlangan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.