O‘zbekistonda "Davlat sirlari to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi
O‘zbekiston Prezidenti ‘Davlat sirlari to‘g‘risida‘gi qonunni (2024-yil 27-dekabrdagi O‘RQ-1016-son) imzoladi. Bu qonun mamlakatimiz manfaatlarini ko‘zlab, maxfiy axborot bilan ishlashning huquqiy va tashkiliy asoslarini belgilaydi.
Qonun davlat siri deb topilgan ma’lumotlardan foydalanish, ularni himoya qilish va maxfiylikdan chiqarish masalalarini tartibga soladi. Ushbu sohadagi yagona siyosatni O‘zbekiston Prezidenti belgilaydi, uning amalga oshirilishini nazorat qilish esa Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) zimmasiga yuklanadi.
Hujjat uch xil maxfiylik darajasini joriy etadi: “Alohida muhim” (birinchi daraja), “O‘ta maxfiy” (ikkinchi daraja), “Maxfiy” (uchinchi daraja).
Ma’lumotlarni maxfiylashtirish muddati cheklangan bo‘lib, davlat siri uchun 30 yil, xizmat siri uchun 10 yil etib belgilangan.
Bundan tashqari, qonun davlat sirlaridan foydalanadigan tashkilotlar rahbarlaridan ma’lumotlarni maxfiy axborotlar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha qarorlar uchun shaxsiy javobgarlikni talab etadi. Ma’lumotlarni maxfiylikdan chiqarish belgilangan ro‘yxat asosida amalga oshiriladi.
Qonun rasmiy e’lon qilinganidan so‘ng uch oy o‘tgach kuchga kiradi.