
Samarqand o‘zbek-turkman hamkorligini mustahkamlash maydoniga aylandi
Samarqandda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida samarali muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikdan tortib mintaqaviy xavfsizlikkacha bo‘lgan keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildilar.
Ikki mamlakat rahbarlari do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari jadal sur’atda rivojlanayotganini ta’kidladilar. Tovar aylanmasini yaqin yillarda 2 milliard dollarga yetkazish va iqtisodiyotning turli sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xivada uchinchi Hududlar forumini hamda O‘zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. "Markaziy Osiyo plyus" formatidagi bo‘lajak sammitlar va Toshkentda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovga uning "Tafakkur gavhari" kitobining o‘zbek tilidagi nusxasini taqdim etdi.