Sechin: “Rossiya neftisiz jahon iqtisodiyoti halokat yoqasida”
6 декабрь

Sechin: “Rossiya neftisiz jahon iqtisodiyoti halokat yoqasida”

“Rosneft” rahbari Igor Sechin jahon iqtisodiyoti Rossiya neftisiz ishlay olmasligini ta’kidlab, global energetika barqarorligiga jiddiy xavf tug‘ilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Uning aytishicha, Rossiya tabiiy boyliklarining umumiy qiymati 100 trillion dollarni tashkil etib, bu AQShdagi shu ko‘rsatkichdan qariyb ikki barobar yuqori. Sechin Rossiyaning jahon energetika tizimidagi o‘rni strategik jihatdan muhimligini ta’kidladi va bu holatni e’tiborsiz qoldirish og‘ir iqtisodiy inqirozga olib kelishi mumkinligini aytdi.

U, shuningdek, G‘arb faol targ‘ib qilayotgan “yashil” kun tartibiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, bu sanksiya bosimi quroli sifatida ishlatilmoqda. Sechin ta’kidlashicha, qazilma yoqilg‘ilardan bosqichma-bosqich voz kechish sayyoramiz aholisining 88 foizi uchun farovonlikka erishish imkoniyatini cheklab, global tengsizlikni kuchaytirmoqda.

Energiya iste’moli darajasini taqqoslar ekan, Sechin AQShda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan bu ko‘rsatkich dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan uch yarim barobar, Yevropada esa Afrikadagidan deyarli o‘n barobar yuqori ekanligini qayd etdi. U “yashil” kun tartibi yaqin kelajakda bunday keng ko‘lamli energiya taqsimotidagi nomutanosiblik muammosini hal qila olishiga shubha bildirdi.