Xayriya emas, hamkorlik: AQSH elchisi O‘zbekiston bilan aloqalar haqida
25 апрель

Xayriya emas, hamkorlik: AQSH elchisi O‘zbekiston bilan aloqalar haqida

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik Donald Tramp ma’muriyati davrida Vashington va Toshkent o‘rtasidagi "misli ko‘rilmagan darajadagi hamkorlik" haqida so‘zlab, bu hamkorlik xayriya emas, balki o‘zaro manfaatga asoslanganini ta’kidladi, deb xabar bermoqda "Gazeta.uz".

"Prezident (Donald) Trampning lavozimga kirishganidan so‘ng 100 kundan kamroq vaqt ichida biz Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasidagi misli ko‘rilmagan darajadagi hamkorlikni kuzatmoqdamiz," — dedi elchi jurnalistlar bilan uchrashuvda. U AQSH davlat kotibi Marko Rubioning O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan telefon orqali suhbati va O‘zbekiston delegatsiyasining Vashingtonga tashrifi haqida ma’lumot berdi.

Tramp ma’muriyatining ustuvor yo‘nalishlari orasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, terrorizm va giyohvand moddalarga qarshi kurashda hamkorlik qilish, shuningdek, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash mavjud.

Elchi axborot texnologiyalari, muhim minerallar va yadro energetikasi sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini ta’kidlab o‘tdi.

Xenik, shuningdek, Amerika vizalarini olish masalasiga to‘xtalib, qiyinchiliklar ko‘pchilik AQShda noqonuniy ishlash uchun sayyohlik vizalaridan foydalanayotgani bilan bog‘liqligini aytdi.

U O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanib, munosabatlar mustahkamlanib borgan sari fuqarolarga viza olish osonlashishiga umid bildirdi.