Har beshinchi voyaga yetgan amerikalik yangiliklarni inflyuyenserlardan oladi
Pew Research Center tadqiqotiga ko‘ra, voyaga yetgan amerikaliklarning taxminan 21 foizi yangiliklar uchun ijtimoiy tarmoqlardagi fikr yetakchilariga murojaat qiladi. NBC News xabar berishicha, kontent yaratuvchilar o‘z obunachilariga dolzarb voqealar va ijtimoiy muammolarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Ayniqsa, yoshlar orasida bunday axborot manbalari ommalashgan: 18 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan odamlarning 37 foizi yangiliklarni inflyuyenserlardan olishni afzal ko‘rishadi.
Tahlil uchun Pew 10 000 kishidan so‘rov o‘tkazdi va yangiliklarni faol ulashadigan hamda Facebook, Instagram, TikTok, X (sobiq Twitter) va YouTube kabi platformalarda 100 000 dan ortiq obunachiga ega bo‘lgan 500 ta inflyuyenserning faoliyatini o‘rgandi. Tadqiqotchi Gallen Stoking matbuot bayonotida ta’kidlashicha, yangilik tarqatuvchi inflyuyenserlar, ayniqsa yoshlar uchun, an’anaviy ommaviy axborot vositalariga muhim muqobilga aylanganlar.
Ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri kuchayishi bilan siyosiy yetakchilar inflyuyenserlarga tobora ko‘proq murojaat qila boshladilar. Bunga misol qilib, Chikagodagi Demokratik partiya qurultoyiga 200 ta kontent yaratuvchi akkreditatsiya qilingan bo‘lsa, Respublikachilar partiyasi esa o‘zining Miluokidagi qurultoyiga 70 dan ortiq shunday shaxslarni taklif etdi. So‘nggi yillarda hatto Donald Tramp va Kamala Xarris kabi AQSH prezidentligiga nomzodlar ham yoshlar auditoriyasi bilan muloqot qilish uchun mashhur podkastlarda ishtirok eta boshladilar.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, aksariyat inflyuyenserlar axborotni tarqatish uchun bir nechta platformalardan foydalanadilar. Ular orasida X eng ommabop bo‘lib, Instagram ikkinchi o‘rinda turadi.