
Kosmik chiqindilar stratosferada tartibsizlik keltirib chiqarishi mumkin
Yildan-yilga orbitaga ko‘proq sun’iy yo‘ldoshlar chiqarilmoqda, ishdan chiqqanlari esa atmosferada yonib, muammolar tug‘dirmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, bu jarayon izsiz o‘tmaydi — har bir sun’iy yo‘ldosh atmosferada iz qoldiradi, deb xabar beradi Science News.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, sun’iy yo‘ldoshlar atmosferaga qaytganda stratosferaga ozon qatlamini yemirishi va iqlimni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan moddalarni chiqaradi. Bunday sun’iy yo‘ldoshlar va uchirishlar soni yildan-yilga ko‘payib borayotgani olimlarning e’tiborini tortmoqda. Ular ta’kidlashicha, bu ifloslantiruvchi moddalarning atmosferaga ta’siri hali to‘liq o‘rganilmagan, ammo u sezilarli bo‘lishi mumkin.
Masalan, so‘nggi bir necha yil ichida 500 dan ortiq sun’iy yo‘ldoshning atmosferaga tushishi qayd etilgan. Yaqin o‘n yilliklarda bunday uchirishlar soni bir necha barobar oshishi bashorat qilinmoqda. Hozirda orbitada o‘n mingga yaqin faol sun’iy yo‘ldosh mavjud va ularning soni o‘sishda davom etmoqda.
Bundan tashqari, sun’iy yo‘ldoshlar va raketalar atmosferaga uning kimyoviy tarkibiga ta’sir qiluvchi moddalarni chiqaradi. Alyuminiy, litiy va mis kabi metallar stratosferaga tabiiy miqdordan ko‘proq tushmoqda. Bu moddalar atmosferadagi kimyoviy reaksiyalarni o‘zgartirishi va hatto ozonning yemirilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ozon qatlamining yemirilish jarayonini tezlashtirishi mumkin bo‘lgan alyuminiy va azot oksidlari chiqindilarining ko‘payishi alohida xavotir uyg‘otmoqda. Olimlarning ta’kidlashicha, bunday ifloslantiruvchi moddalar Yerning zararli ultrabinafsha nurlanishdan himoyasini yanada zaiflashtirishi mumkin. Hozircha barcha oqibatlar aniq tushunilmagan bo‘lsa-da, olimlar bu jarayonlarni tezroq o‘rganish muhimligini uqtirmoqdalar.