
AQSHning davlat qarzi rekord darajaga yetdi
Amerika Qo‘shma Shtatlarining davlat qarzi tarixda birinchi marta 36 trillion dollardan oshib, yangi rekord ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligi ma’lum qildi. Qarzning o‘sishi iqtisodchilar va siyosatchilar orasida jiddiy tashvish uyg‘otmoqda, chunki uning ko‘lami mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy barqarorligiga tahdid sola boshladi.
Davlat qarzi ikki asosiy qismga bo‘linadi. Taxminan 7,3 trillion dollar yoki umumiy hajmning 20 foizini tashkil etuvchi ichki qarz federal hukumatning ijtimoiy sug‘urta fondi kabi o‘z idoralari oldidagi majburiyatlaridir. Qolgan qismi esa tashqi qarzga tegishli bo‘lib, xorijiy davlatlar, xususiy kompaniyalar va investorlardan jalb qilingan mablag‘larni o‘z ichiga oladi.
Qarzning bu qadar sezilarli o‘sishiga hukumat xarajatlari daromadlaridan oshib ketadigan surunkali byudjet taqchilligi sabab bo‘lmoqda. Byudjetning katta qismi mudofaa ehtiyojlariga, sog‘liqni saqlash va pensiya kabi ijtimoiy dasturlarni qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, to‘plangan qarzlar bo‘yicha foizlarni to‘lashga sarflanadi. Qo‘shimcha omil sifatida COVID-19 pandemiyasi davrida federal hukumat iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun katta miqdordagi qarzlarni jalb qilishga majbur bo‘ldi.
Qarzdorlikning rekord darajasi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Qarzning o‘sishi qarz olish qiymatini oshiradi, bu esa foiz stavkalarining ko‘tarilishiga, mamlakat kredit reytingining pasayishiga va qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining ortishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, infratuzilma, ta’lim va boshqa muhim sohalarga sarmoya kiritish imkoniyatlarini kamaytiradi, natijada kelajak avlodlarning moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Federal hukumat taqchillikni qisqartirish va moliyaviy vaziyatni barqarorlashtirish choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidlamoqda, ammo Kongress va Oq uy o‘rtasidagi siyosiy kelishmovchiliklar qarorlar qabul qilishni qiyinlashtirmoqda. Davlat qarzi masalasi saylovoldi munozaralarining asosiy mavzusiga aylanmoqda va muxolifatchi siyosatchilar allaqachon qarz inqirozi xavfi haqida ogohlantirmoqda, uni "sekin harakatlanuvchi bomba‘ga o‘xshatmoqda.
Iqtisodchilar ta’kidlashicha, muammoni hal etishni kechiktirish yangi iqtisodiy zarbalarga olib kelishi va jahon miqyosida AQSH moliya tizimiga bo‘lgan ishonchni zaiflashtirishi mumkin.