Ilon Mask superkompyuter imkoniyatlarini kengaytirishga tayyorlanmoqda
Ilon Mask sun’iy intellekt sohasidagi xAI startapi uchun yaratilgan “Koloss” superkompyuterining imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirish rejalarini e’lon qildi. Yangi bosqichda grafik protsessorlar (GPU) sonini bir millionga yetkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu xAI ni OpenAI bilan raqobatlasha oladigan darajaga olib chiqadi.
“Koloss” uch oy ichida Tennesi shtatidagi Memfisda qurilgan va hozirda 100 mingta Nvidia grafik protsessorlarini o‘z ichiga oladi. Uning asosiy vazifasi xAI tomonidan ishlab chiqilgan Grok chat-botini o‘qitishdan iborat.
"Koloss‘ni kengaytirish loyihasini Nvidia, Dell va Supermicro Computer qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu kompaniyalar Memfisda o‘z vakolatxonalarini ochishni rejalashtirmoqda. Shahar savdo palatasi xAI ehtiyojlarini ta’minlash uchun maxsus jamoa tashkil etilishini ma’lum qildi.
Nvidia rahbari Jenssen Xuang Mask loyihasini muhandislik yutug‘i deb atadi va uning murakkab tizimlar hamda resurslarni chuqur tushunishini ta’kidladi. Biroq, quvvatni oshirish sovutish va energiya ta’minoti masalalarini hal qilishni talab qiladi, bu haqda hozircha ma’lumot berilmagan.
Nvidia grafik protsessorlaridan tashqari, xAI o‘zining sun’iy intellekt chiplarini ishlab chiqmoqda. Mask, shuningdek, Tesla avtonom tizimlarini takomillashtirish uchun 2023-yildan beri yaratilayotgan Dojo superkompyuteri ustida ishlashni davom ettirmoqda.