
Toshkent shahrining qariyb yarmi kelgusi 20 yilda qayta quriladi
"IQ Toshkent 25" tadqiqotiga ko‘ra, yaqin 20 yil ichida Toshkent shahrining qariyb 43 foiz hududi, jumladan, turar-joy fondi, yo‘llar, muhandislik tarmoqlari va jamoat joylari rekonstruksiya qilinishi va yangilanishi kerak.
Rekonstruksiya renovatsiyadan (buzish va yangi qurilish) farqli o‘laroq, mavjud binolarni saqlab qolish va ularning energiya samaradorligini oshirish, shuningdek, infratuzilmani modernizatsiya qilish va ko‘kalamzorlashtirishni ko‘paytirishga qaratilgan bo‘ladi. Yangilash uchta yo‘nalishda amalga oshiriladi: rekonstruksiya, konservatsiya va renovatsiya.
Asosiy vazifalardan biri ko‘kalamzorlashtirish, och rangli qoplamalardan foydalanish va tuproqlarni nurashdan himoya qilish orqali shahar hududining 85 foizini zararlaydigan "issiqlik oroli" ta’sirini kamaytirishdir. Rekonstruksiyadan maqsad hayot sifatini yaxshilash va shaharni aholi o‘sishi hamda iqlim o‘zgarishiga moslashtirishdir.