O‘zbekistonda 300 dan ortiq yangi milliy standartlar ishlab chiqiladi
11 октябрь

O‘zbekistonda 300 dan ortiq yangi milliy standartlar ishlab chiqiladi

Shavkat Mirziyoyev texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi joriy ishlar va rejalar to‘g‘risidagi hisobot bilan tanishdi. Bu yo‘nalish mamlakatning ishlab chiqarish va eksport imkoniyatlarini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Prezidentimizning fevral oyida imzolagan farmoniga muvofiq, sohada islohotlar amalga oshirilib, yangi vazifalar belgilandi.

So‘nggi yillarda 12 mingta standart tasdiqlangan bo‘lib, joriy yil boshidan buyon mingdan ortiq xalqaro standartlar qabul qilindi. Shuningdek, mahsulot xavfsizligi va sifatini ta’minlash uchun 29 ta texnik reglament ishlab chiqildi. Ushbu reglamentlar muntazam ravishda sanoat korxonalariga yetkazilib, sertifikatlar olishda ko‘maklashilmoqda.

Prezident xalqaro bozorlarga chiqish uchun texnik jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, u O‘zbekistondagi 269 ta laboratoriyadan atigi 64 tasining sinov natijalari tan olinishiga e’tibor qaratdi. Bu esa chet elda qo‘shimcha sinovlar o‘tkazishga majbur bo‘layotgan eksportchilar uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Mirziyoyev xalqaro tan olingan laboratoriyalar sonini ko‘paytirish, elektrotexnika, qurilish materiallari va mashinasozlikka ixtisoslashgan 10 ta yangi laboratoriya ochish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonida qonunchilik ushbu tashkilot talablariga mos bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Joriy yilda 340 ta yangi milliy standart, 2025-yil oxirigacha esa yana 38 ta reglament ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda. Texnik qo‘mitalar va laboratoriyalar faoliyatini yangi "Texnik tartibga solish" elektron platformasi orqali raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.