Musiqa va raqs: qoraqalpoqlarning noyob madaniyati
8 декабрь

Musiqa va raqs: qoraqalpoqlarning noyob madaniyati

Qoraqalpoqlarning an’anaviy musiqa va raqslari Markaziy Osiyo madaniy merosining muhim qismini tashkil etadi. Mintaqaning boy afsonaviy va dostoniy an’analariga asoslangan qoraqalpoq musiqa madaniyati umumturkiy meros unsurlarini, shu jumladan milliy badiiy amaliyotga moslashtirilgan shomonlik ohanglarini o‘zida saqlab qolgan.

Musiqa an’analarida “G‘ariboshiq va Shohsanam”, “Go‘ro‘g‘li”, “Sayotxon va Hamro” kabi dostonlar alohida o‘rin egallaydi. Ular qoraqalpoq, turkman va xorazmlik o‘zbeklarning madaniy merosini o‘zida mujassam etadi.

Qoraqalpoqlarning musiqasi va she’riyati bir-biri bilan uzviy bog‘liq. O‘tmishda har bir shoir bir vaqtning o‘zida ham sozanda, ham an’anaviy cholg‘ularda ijro etuvchi xonanda bo‘lgan. Asosiy janrlardan biri qo‘shiq bo‘lib, uning kuyi, xuddi cholg‘u ohangi kabi, nama deb ataladi.

Musiqa merosi bilan bog‘liq qiziqarli afsona bor: bir kuni Qo‘shiq qoraqalpoq ovulida tunab qolibdi. Aholi tong otguncha ajoyib kuylarni tinglab chiqibdi, keyinchalik bu kuylar xalq xotirasida minglab qo‘shiq va hikoyalar shaklida saqlanib qolgan ekan.

Qoraqalpoqlarning raqs san’ati ham o‘ziga xos. U tananing nafis harakatlari, qo‘llarning murakkab plastikasi va oyoqlarning mohirona ishlashi bilan ajralib turadi. Hatto XIX asrdayoq fors diplomati Rizoquli Mirzo qoraqalpoqlarning bayramlarda raqsga bo‘lgan ishtiyoqini, ayniqsa “hu” va “ha” nidolari ostida jo‘shqinlik bilan ijro etiladigan erkaklar raqslarini qayd etgan.

XX asrda xalq raqslari professional sahnada ijro etila boshlandi. Mashhur sahna asarlari orasida “Oyqulash” (Oydin kecha), “Shag‘ala” (Chayka), “Kiyiz bosu” (Kigiz bosish) kabilar bor. Bu raqslar qoraqalpoq madaniyatining mehnat jarayonlaridan tortib, sevgi-muhabbat an’analarigacha bo‘lgan muhim jihatlarini o‘zida aks ettiradi.

Masalan, “Kiyiz bosu” raqsida tomoshabinlar she’riy harakatlar orqali ifodalangan kigiz tayyorlash jarayonini ko‘rishlari mumkin. “Oyqulash” raqsi esa birinchi muhabbatning tug‘ilishini anglatib, oy yorug‘ida yoshlarning sayil qilishini tasvirlaydi.

Qoraqalpoq madaniyati o‘zining betakrorligini va mintaqa ma’naviy merosining ajralmas qismi bo‘lgan boy an’analarini saqlab, ilhom manbayi bo‘lib qolmoqda.