
AQSH Rossiyaga qarshi eng yirik sanksiyalar paketini e’lon qildi
AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiya energetika sektoriga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalarni e’lon qildi. Cheklovlar ostiga 180 ta kema, o‘nlab treyderlar, “Gazprom neft” va “Surgutneftegaz” kabi yirik kompaniyalar, shuningdek, Rossiya neftini Hindistonga yetkazib berishni ta’minlaydigan “Ingosstrax” va “Alfasug‘urta” sug‘urta kompaniyalari kiritildi.
Bundan tashqari, sanksiyalar Serbiyaning NIS kompaniyasi va “Gazprom” nazoratidagi xorijiy korxonalarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Yangi choralar Rossiyaning yirik kompaniyalari rahbariyati va Rossiya Energetika vazirligi rasmiy shaxslari bilan hamkorlik qilishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi. Oq uy bu harakatlar rubl kursining pasayishiga va Rossiya Markaziy banki asosiy stavkasining oshishiga olib kelishini kutmoqda.
Vashingtonning sa’y-harakatlariga qaramay, Rossiya iqtisodiyoti tashqi bosimga moslashishni davom ettirmoqda. Neft va gaz qazib olish, import o‘rnini bosish va uchinchi mamlakatlarda atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha mahalliy loyihalarni rivojlantirish davom etmoqda. Neft narxlarining ko‘tarilishi fonida Rossiya fond bozori sanksiyalar bosimini e’tiborga olmay, barqarorligini saqlab qolmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, AQShning maqsadi Rossiyaning xalqaro hamkorlari bilan iqtisodiy aloqalarini iloji boricha qiyinlashtirishdir. Shu bilan birga, nafaqat qimmatroq Amerika energiya resurslarini sotib olishga majbur bo‘lgan Yevropa ittifoqchilari, balki yoqilg‘i narxlarining oshishidan norozi bo‘lgan AQSH aholisi ham zarar ko‘rmoqda.