Rubob chalish san’ati YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi
8 декабрь

Rubob chalish san’ati YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi

4-dekabr kuni Paragvay poytaxti Asunsonda o‘tkazilgan YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 19-sessiyasida rubob yasash va chalish san’atini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi vakilllik ro‘yxatiga kiritish haqida qaror qabul qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.

Nomzodlik O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari qo‘llab-quvvatlashi bilan taqdim etilgan. Qo‘mita qarorida rubob Markaziy, Janubiy va Janubi-g‘arbiy Osiyoda keng tarqalgan eng qadimiy musiqa asboblaridan biri ekanligi ta’kidlangan. Bu asbob mintaqa xalqlarini birlashtirishda muhim rol o‘ynab, madaniy va ijtimoiy hamjihatlikni, shuningdek, madaniy almashinuv va birdamlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Qo‘mita rubob chalish san’ati ta’lim sifatini oshirish, gender tenglik va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishini qayd etdi. Tashabbuskor mamlakatlar tomonidan ushbu san’atni milliy va xalqaro miqyosda saqlash hamda ommalashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ham yuqori baholandi.