VTB rahbari: “Rossiya iqtisodiyoti migrantlarsiz nafas ololmaydi”
27 ноябрь

VTB rahbari: “Rossiya iqtisodiyoti migrantlarsiz nafas ololmaydi”

VTB boshqaruvchisi Andrey Kostin Rossiya iqtisodiyotidagi ishchi kuchi taqchilligini tanqidiy darajada ekanligini ta’kidlab, buni o‘sish va rivojlanish uchun jiddiy to‘siq deb atadi. Uning aytishicha, hozirgi vaqtda bu muammoning yagona yechimi migrantlarni jalb etishdir.

Ayni paytda migrantlar masalasi faol muhokama qilinmoqda. Biroq ularsiz iqtisodiyot shunchaki ishlay olmaydi. Albatta, ’Keling, ularni haydab yuboraylik’ deyish oson. Ammo keyin kim ishlaydi? Bizda ortiqcha ishchi kuchi yo‘q. Agar ishlaydigan odam bo‘lmasa, foiz stavkasining qanday ahamiyati bor? Ishlab chiqarishni kim rivojlantiradi va kengaytiradi?” — deb ta’kidladi Kostin.

U ko‘plab sohalar, ayniqsa mudofaa sektori 10-20 foiz darajasida kadrlar taqchilligini boshdan kechirayotganiga e’tibor qaratdi. Uzluksiz ish tartibi bilan yuqori yuklamada ishlaydigan ishlab chiqarish sharoitida bu kamchilik ayniqsa jiddiy tus olmoqda.

Kostin ishchi kuchi yetishmasligi muammosini e’tiborsiz qoldirish mumkin emasligini, chunki bu iqtisodiyotning barqarorligi va istiqboliga tahdid solishini ta’kidladi. Uning fikricha, migrantlarni jalb qilish davlat darajasida tan olinishi va qabul qilinishi lozim bo‘lgan zaruriyatdir.

Migratsiya masalasi zamonaviy Rossiyada eng ko‘p muhokama qilinadigan masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bir tomondan, migratsiya siyosatini qattiqlashtirishga chaqiriqlar kuchaymoqda, boshqa tomondan esa, biznes va sanoat rivojlanish uchun jiddiy to‘siqqa aylanayotgan mehnat resurslari taqchilligiga ishora qilmoqda.