
O‘zbekistonda "Yer qa’ri to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi
Yer qa’riga egalik qilish, undan foydalanish va uni muhofaza etish masalalarini tartibga soluvchi yangi "Yer qa’ri to‘g‘risida‘gi Qonun qabul qilindi. Qonunga ko‘ra, yer qa’ridagi barcha foydali qazilmalar va tabiiy boyliklar davlat mulki hisoblanadi hamda ulardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish zarur.
Yer qa’riga bo‘lgan mulk huquqi yer yuzasidagi yer yoki suv kimga tegishli ekanligidan qat’i nazar amal qiladi.
Davlat yer qa’ridan foydalanish huquqini faqat qonunda belgilangan shartlar va cheklovlar doirasida beradi. Bunda yer qa’ri uchastkalarini sotish, hadya etish, meros qoldirish, garovga qo‘yish yoki boshqa usulda begonalashtirish mumkin emas.
Yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish bilan bir qator organlar, jumladan, Vazirlar Mahkamasi, Kon-texnika sanoati va geologiya vazirligi, Energetika vazirligi, Ekologiya vazirligi, shuningdek, ixtisoslashtirilgan nazorat organlari va mahalliy hokimiyat idoralari shug‘ullanadi.